
DEBSEUz loyihasining navbatdagi bosqichiga start berildi
Erasmus+ dasturining “Oliy ta’lim sohasida salohiyatni oshirish” yo‘nalishida amalga oshirilayotgan DEBSEUz (Development of Bachelor Study Programs in Renewable Energy in Uzbekistan) loyihasining navbatdagi xalqaro bosqichi Ispaniyaning Universidad Politécnica de Madrid (UPM) universitetida bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur bosqich doirasida UPMning zamonaviy texnik bazasi bilan tanishuv, quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha yangi texnologiyalar, muqobil energiyaga asoslangan texnik yechimlar, ekologik barqarorlik hamda quyosh panellarini qayta ishlash bo‘yicha seminar va ma’ruzalar tashkil etilmoqda.
Ushbu tajriba almashinuvida Italiyaning Politecnico di Torino, Portugaliyaning UEVORA, Ispaniyaning UPM kabi Yevropaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi muhandislik oliygohlari rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, jumladan, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti (TTPU) professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida yangi bakalavriat kurslarini ishlab chiqish va ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish, quyosh energiyasi bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etish, zamonaviy laboratoriyalar va trening markazlarini yaratish, loyiha boshqaruvi, sifat monitoringi va natijalarni jamoatchilikka yetkazish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.
Xususan, TTPU vakillari Universidad Politécnica de Madrid rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki universitet o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma ta’lim va almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) imzolashga kelishib oldilar.
Kommentariy qoldirish
Sizning email hech qayerda chop qilinmaydi. Talab qilingan sohala * bilan belgilangan