Uchrashuvlar

Portugaliyada koordinatorlar va tajriba almashinuv uchrashuvlari

18.11.2024
N.M.Axmedov

Erasmus+ loyihalar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan DEBSEUz loyihasidan belgilangan asosiy maqsad Yevropa davlatlarining qayta tiklanuvchi energiya ta’minoti manbalari, xususan quyosh energiya ta’minoti manbalari bo‘yicha tajribasini o‘rganish, o‘quv dasturlari bilan yaqindan tanishish va mavjud samarali tajribalarni O‘zbekistonning tegishli oliy ta’lim muassasalarida joriy qilishdan iborat. Bunday natijalarga erishish maqsadida loyiha doirasida navbatdagi malaka oshirish kurslari va loyihani samarali boshqarish bo‘yicha loyiha yetakchilari uchrashuvi Portugaliya davlatining Evora shahridagi Evora Universitetida joriy yilning 18 noyabr sanasidan o‘z ishini boshladi. Ushbu tadbirda Yevropaning yetakchi davlatlaridan, xususan Italiyaning Turin politexnika instituti, Ispaniyaning Madrid politexnika instituti vakillari ishtirok etmoqda. Ushbu tadbirga O‘zbekistonning bir qator universitetlaridan, jumladan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkentdagi Turin politexnika instituti, Jizzax politexnika institute, Farg‘ona politexnika instituti, Andijon davlat universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institute” milliy tadqiqot universiteti, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti vakillari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan vakil belgilangan natijalarga erishish maqsadida tashrif buyurgan. Uchrashuvlar hamda malaka oshirish kursalri dastur bo‘yicha 5 kun davomida bo‘lib o‘tishi belgilanib, 22 noyabr kuni o‘z ishini yakunlaydi. Ushbu vaqt davomida Evora universitetining malakali professor-o‘qituvchilari va tajribali soha mutaxassislari tomonidan quyosh energiya ta’minoti manbalari bo‘yicha bir qator ma’ruzalar va muhandislik korxonalariga tashriflar rejalashtirilgan. Loyiha yetakchilari uchrashuvi kun tartibida esa shu kunga qadar loyiha doirasida belgilangan vazifalarning bajarilish holati monitoringi, vazifalarni amalga oshirishda yuzaga kelgan muammolar muhokamasi hamda har bir ish paketlari bo‘yicha loyiha ishtirokchilarining taqdimotlari o‘rin olgan.